«Bilim» AKM tasarrufidagi A. Qodiriy nomli kutubxonada «Ochiq eshiklar haftaligi» davom etmoqda. 16 yanvar kuni haftalikka Olmazor tumanining 165, 224, 233, 298, 326-maktab o’quvchilari tashrif buyurdilar. Ko’rgazmaga kelgan barcha o’quvchilar katta qiziqish bilan rasmlarni tomosha qilib, o’zlariga yoqqan rasmlarni varaqalarga belgilab chiqmoqdalar. «Foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatish bo’lim» mutaxassisi D. Tohirova tadbir ishtirokchilarini kutubxona, undan foydalanish va a’zo bo’lish qoidalari bilan tanishtirib, ular bilan «Men sevgan adib» mavzusida davra suhbati o’tkazdi. Tadbirda 233-maktabning 10-“B”sinf o'quvchilari qatnashdilar. O’quvchilardan B. Nurullayev sevgan adibi Xudoyberdi To’xtaboyev ekanligini aytib, u hatto yozuvchining uyiga u bilan uchrashib, suhbatlashish uchun otasi bilan borganini quvonch bilan gapirib berdi.
Shuningdek, Bahtiyor «Sariq devni minib» asari bir necha tillarga tarjima qilingani va uning «Sariq devni minib», «Sariq devning o’limi», «Mungli ko’zlar» nomli asarlarini sevib mutolaa qilgani va bu asarlar unda katta taassurot qoldirgani haqida aytib o’tdi. O’quvchi S. Komiljonovaning esa sevgan adibi O’tkir Hoshimov bo’lib, u uning «Hajviy hikoyalar», «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» nomli asarlarini katta qiziqish bilan o’qigani va bu yozuvchining yuksak mahoratga ega ekani haqida so’zlab berdi. M. Hamidova esa Said Ahmadning «Ufq» nomli asarini maroq bilan o’qib, asar juda ham qiziqarli tarzda yozilgani haqida fikr bildirdi. Tadbirda faol qatnashgan o’quvchilarga kutubxona tomonidan esdalik sovg’alari berildi. Suhbat so’ngida o’quvchilar kutubxona bo’ylab sayohat qilib, o’zlariga yoqqan asarlardan mutolaa qildilar va kutubxonaga a’zo bo’lish istagini bildirdilar.
Комментарии
Отправить комментарий